OShKENT, 6 dek — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil" esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida" farmoni imzolandi.
"O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil” esdalik nishonlari va ularning guvohnomalari bir oy muddatda belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlasin. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.Maxmudov zimmasiga yuklansin", — deyilgan Farmon matnida.
Nizomga muvofiq, "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil" esdalik nishoni bilan O‘zbekiston mudofaa qudratini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni barpo etishga salmoqli hissa qo‘shgan shaxslar, yuqori professional mahorati, harbiy va vatanparvarlik burchiga sadoqatini namoyon etgan harbiy xizmatchilar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish bo‘yicha jangovar harakatlarda ishtirok etgan, zaxiraga bo‘shatilgan yoki iste’foga chiqarilgan harbiy xizmatchilar, shuningdek, harbiy hamda xizmat burchini bajarishda halok bo‘lgan yoxud yarador bo‘lgan va shikastlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari taqdirlanadilar.
Hujjatga ko‘ra, "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25-yil" esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘ladi.