TOShKENT, 4 dek — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Bugun dam olish kunim. Ammo, erta tongdanoq ko‘tarinki ruhda uyg‘ondim. Axir bugun o‘zgacha kun — bugun biz, O‘zbekiston fuqarolari, yangi Prezidentni saylaymiz.
Ovoz berish jarayoni ertalabki 06.00dan boshlangani xayolimga keldi-yu, iloji boricha ertaroq o‘z fuqarolik burchimni bajaray, degan maqsadda Moskva shahrining Polyanka metro stansiyasi yaqinida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasi tomon yo‘l oldim.
…Darhaqiqat, 2016-yil qanday sinovlarni boshdan o‘tkazmadik. Xayolimizga kelmagan ishlar bo‘lib ketdi. Katta yutuqlar bilan bir qatorda buyuk yo‘qotishlarni boshdan kechirdik. Ammo hayot davom etmoqda… Yangi yil ostonasida buyuk o‘zgarishlar oldida turibmiz. Qayerda bo‘lmaylik, o‘z fuqarolik burchimizni ado etish — har birimizning muqaddas burchimiz.
Bugun Moskva ko‘chalari va jamoat transportlarida O‘zbekiston fuqarolari har qachongidan-da ko‘p. Metroda va metrodan Elchixonagacha bo‘lgan masofada o‘zbekistonliklar bir-biridan "saylov qayerda bo‘lyapti ekan" deb so‘ragan… Hamma bir-biriga yo‘l ko‘rsatgan…
Elchixona oldidagi uzun navbatni ko‘rib, faxr tuyg‘usi ikki karra ortdi.
Men ham yurtdoshlarim ketidan navbatda turdim. Bir vaqt posbonlardan biri (rus politsiyachisi, muallif) "Hoy qiz, siz navbatsiz o‘tishingiz mumkin" deb qoldi. Naqadar ajoyib! Pasportimni ko‘rsatib, xavfsizlik tekshiruvidan o‘tib, ichkari tomon yo‘l oldim. U yerda ham ovoz berishga kelgan fuqarolarimizdan iborat katta navbat. Ammo ayollarni, boya aytganimdek navbatsiz o‘tkazishmoqda. "Assalomu alaykum", deya salom berib, ichkariga o‘taverdim. Salomingizga bir emas, o‘nlab alik eshitsangiz, yana sof o‘zbek tilida, boshqacha zavq olar ekansiz.
Meni hayratga solgan narsa — Rossiyadagi fuqarolarimizning hamjihatikda saylovga kelganliklari ham emas, balki ularning bu jarayonga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rib kelishganlari: deyarli ko‘pchilik kostum-shim va galstukda kelgan. Odamlarning kayfiyati a’lo, bayramona deyish mumkin.
Elchixonadagi saylov jarayonidan faqatgina ijobiy taassurot qoldi. Hammasi yuqori saviyada tashkil etilgan: diplomatik korpus vakillari yuzlarida tabassum ila kelganlarni qarshi olishmoqda. Nimaiki savolingiz bo‘lsa, ular javob berishga va tushunmaganingizni tushuntirishga shay.
Ro‘yxatdan o‘tib, o‘zim tanlagan nomzod uchun ovoz berdim, kelganlarni bir oz kuzatib, ortga, ishxonaga shoshildim. Axir ko‘rganlarimni siz bilan bo‘lishishim kerak.
Aziz yurtdoshim, agar siz ham Moskva shahrida bo‘lsangiz, tezroq Elchixona tomon yo‘l oling. Bu kun unutilmas, o‘zgacha shukuh ila esga olishga arziydigan kun bo‘ladi, ishoning.