TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Bugun O‘zbekistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda, saylovlar bo‘lib o‘tdi, deb tan olindi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 428 ming 891 saylovchilarning 72%dan ortig‘i ovoz berib bo‘ldi.
Ushbu jarayonga mashhurlar ham kelib qo‘shilishmoqda, ular orasida kino va teatrning ko‘zga ko‘ringan aktorlari, estrada yulduzlari ijrochilari ham talaygina.
"O‘zim tanlagan nomzod uchun ovoz berishni muqaddas burchim deb bilaman. Mening to‘rt nafar farzandim bor, umuman olganda men ularning kelajagi uchun ovoz berapman. Ta’kidlash joizki, bu yilgi saylovlar O‘zbekistonda yangicha ruhda kechapti. Ilk marotaba saylov jarayonini yoritish uchun maxsus press-klub tashkil etildi. Bularning barchasi kishini zavqlantirmay qolmadi, albatta. Chunki bu degani — O‘zbekistonda saylovlar ochiq va shaffof tashkil etilishi uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Dunyo kuzatuvchilari buni tan olyapti", — deb ta’kidlagan Sputnik nashriga bergan intervyusida taniqli aktor, rejissor va qo‘shiqchi — Jahongir Poziljonov.
Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, u saylov uchastkasiga saharlab kelgan, ammo vaqt hali juda ertaligiga qaramay, ovoz berishga kelganlar ko‘pchilikni tashkil qilgan. Odamlar xuddiki bayramga kelgandek, oilaviy kelishapti, deb ta’kidlaydi u.
Hammaning kayfiyati a’lo.
"Muxlislarim meni o‘rab oldi, selfi qilib bo‘lishgach, dastxat olishdi. Bugungi ovoz berish jarayonida qatnashayotganim juda katta zavq berdi menga. Rasmiyatchilikdan darak ham yo‘q, hammasi oddiy, uydagidek. Saylovchilar uchun ham barcha shart-sharoitlar yaratilgan, nomzodlarning har biri haqida ham ma’lumotlar batafsil berilgan", — deya suhbatga yakun yasadi Poziljonov.