TOShKENT, 30 noya — Sputnik. O‘zbekistonda saylov kuni ovoz berish jarayonini onlayn rejimda kuzatish, viloyatlar bilan videoaloqa orqali muloqot o‘tkazish imkonini beruvchi yagona kompyuter tarmog‘i yaratildi, deb xabar bermoqda NUZ.UZ.
4 dekabr kuni MSK O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha respublika matbuot markazida tashkil etiladigan onlayn brifinglar orqali jamoatchilikni ovoz berish jarayonining borishi bilan tanishtirib boradi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident saylovlarini o‘tkazish uchun saylov uchastkalari, jumladan xorijiy davlatlarda 44ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ularning barchasi ovoz berish uchun kerakli sharoit va jihozlar bilan ta’minlangan.
Har bir saylov uchastkasida Prezidentlikka nomzodlar haqida ma’lumotlar mavjud. Uchastka saylov komissiyalari saylovchilarni ovoz berish vaqti va joyi haqida xabardor qilishmoqda. Teleradiokanallarda saylov o‘tkaziladigan kun, muddatidan oldin ovoz berish, saylov bulletenlarini to‘ldirish tartibi hamda saylov uchastkalari faoliyati haqida eshittirish va videolavhalar berilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti saylovi 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbari besh yil muddatga saylanadi.