TOShKENT, 28 noya – Sputnik. O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Xalq Demokratik Partiyasi saytida ma’lum qilinmoqda.
Qumqo‘rg‘on tuman hokimligining majlislar zalida videokonferensaloqa tarzida tashkil etilgan uchrashuvda tuman va shaharlardagi studiyalar orqali 3 ming nafarga yaqin saylovchi ishtirok etdi.
Xatamjon Ketmonov saylovchilar oldida qilgan ma’ruzasida mustaqillik yillarida fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun jahonda umume’tirof etilgan meyorlarga muvofiq saylov tizimi shakllanganligini qayd etdi.
Nomzod korxona va ish beruvchilarning tegishli hududlardagi kasb-hunar kollejlariga biriktirilishi hamda muntazam harakatdagi «kollej-korxona» aloqalarini yo‘lga qo‘yish, muhim-ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar bilan bog‘liq ravishda zamonaviy kasbga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash masalasi hal qilinishiga erishish lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, nogironlar mehnat qilishi uchun ixtisoslashgan korxonalar tashkil etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, jumladan, ushbu maqsadda davlatning markazlashgan sarmoyalari hisobidan bunday korxonalar tarmog‘ini rivojlantirish va yirik korxonalarga kasanachilik ish joylarini tashkil etish bo‘yicha majburiy kvotalar belgilash orqali jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar (nogironlar)ni kasanachilik faoliyatiga jalb qilishni kengaytirish zarurligini alohida qayd etib o‘tdi.
Nomzodning saylovoldi dasturi yuzasidan berilgan savollarga Xatamjon Ketmonov atroflicha javob berdi.