TOShKENT, 27 noya — Sputnik. NATOning "qoq yuragida" joylashgan Rossiyaning kichikkina hududi alyansni xavfsirashga majbur qiladi, deb yozdi The National Interest sharhlovchisi Robert Farli. Bu haqda RIA Novosti ma’lum qildi.
Gap SSSR tarqalganidan so‘ng Rossiya hududidan tashqarida qolgan Kaliningrad haqida bormoqda, deydi muallif.
"Boltiq davlatlari NATO tarkibiga kirganlarida Kaliningrad NATOning qoq markazidagi dushman hududga aylandi. Bu uni ayniqsa zaif hududga, shu bilan birga harbiy nuqtayi nazardan potensial xavfli subyektga aylantirdi", deb yozadi Farli.
Xususan, muallifni Rossiyaning Kaliningradga joylashtirilgan S-400 va "Iskander-M" raketa majmualari tashvishga soladi.
" National Interestda chop etilgan ko‘plab maqolalarda qayd etilganidek, S-400 dunyoda havo hujumiga qarshi eng qudratli tizimlardan biri hisoblanadi", deb yozadi u.
U Rossiyaning ayrim zenit-raketa majmualari ustunliklariga e’tibor qaratib, bu majmualar sababli NATOga Boltiq davlatlari osmonida havo ko‘magini, xususan, 40dan 400 kilometrgacha masofada raketalar ko‘magini ta’minlash "noqulay va qiyin" bo‘lishini bildirmoqda.
Farlining yozishicha, "Iskander"larning nimalarga qodirligi haqida aniq ma’lumotni "shu kungacha topish qiyin", lekin bu raketa majmuasi "400 kilometrgacha masofaga oddiy yoki yadroviy kallaklarni yetkaza olishi" ma’lum.
"Agar Moskva NATOning biror ikkilanib turgan davlatiga bosim o‘tkazmoqchi bo‘lsa, u anklaviga qandaydir yangi va qo‘rqituvchi qurollarni joylashtirib, o‘z qudratini namoyish qilib qo‘yishi mumkin", deb izohlamoqda mutaxassis.
Uning fikricha, NATOda mazkur hududda vaziyatni izdan chiqarishga yo‘naltiruvchi "siyosiy qadam qabul qilish" imkoniyati mavjud.
O‘tgan haftada AQSh Davlat departamenti vakili Jon Kirbi Rossiyani Kaliningrad viloyatida S-400 va "Iskander-M"ni joylashtirishdan voz kechishga chaqirib, bu Yevropa xavfsizligini beqarorlashtirishini bildirgandi. Shu bilan birga u Rossiya o‘z hududida bunday majmualarni joylashtirishga haqli ekanini tushunishini ham aytgan.
Rossiya esa Yevropada Amerika raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi joylashtirilishi sababli o‘z mudofaa qudratini mustahkamlayotganini bir necha marta bildirdi.