TOShKENT, 26 noya — Sputnik. Deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar, deb xabar qilmoqda TIV axborot xizmati.
Ilgariroq parlament quyi palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining, Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining majlislarida vazirliklar va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ishtirokida dastlabki tarzda muhokama qilingani haqida xabar bergan edik.
Deputatlar bu gal o‘z ishlarini "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladilar.
Deputatlarning ta’kidiga ko‘ra, qonun loyihasi muhim va o‘z vaqtida qabul qilinayotgan bo‘lib, u birinchi navbatda fuqarolar, jumladan, tadbirkorlarning davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga ishonchini mustahkamlash, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan.
Shuningdek, ushbu qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni keng ko‘lamda qonun yo‘li bilan tartibga solishga, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirishga, jamiyat hayotining barcha sohalarida bunday holatga to‘liq barham berishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasizlik muhitini yaratishga qaratilganligi e’tirof etildi.