TOShKENT, 21 noya – Sputnik. "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK xizmat ko‘rsatish va aviabiletlar sotish bo‘yicha yangi texnologiyani joriy etadi, deb xabar berdi "Novosti Uzbekistana". Dastur turli davlatlar aviakompaniyalariga axborot mahsulotlari yetkazib beruvchi «SITA» xalqaro tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan.
Mazkur texnologiya bir vaqtning o‘zida bir nechta aviakompaniyalarning ro‘yxatga olish tizimlari bilan ishlash imkonini beradi va bu yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tezligini oshiradi.
Mahalliy dasturchilar ham o‘z dasturlarini yaratishdi. Aviakompaniyaning korporativ saytida "Onlayn rejimida yukni topish bo‘yicha ma’lumot berish dasturi" va "Aviabiletlarni onlayn bron qilish va sotish tizimi" faoliyat ko‘rsatmoqda.
"O‘zbekiston havo yo‘llari" aviabiletlarni onlayn bron qilish va sotish tizimini yanada takomillashtirmoqchi. Bugungi kunda aviachiptalarni kompaniya sayti orqali faqatgina UzCard tizimi orqali sotib olish mumkin. Aviakompaniya 2018-yilga qadar chiptalarni Visa, MasterCard, UnionPay va boshqa xalqaro to‘lov tizimlari orqali onlayn sotishni yo‘lga qo‘ymoqchi.
Mazkur xizmatlar uchun to‘laqonli mobil ilova ishga tushirilishi rejalashtirilgan.