TOShKENT, 24 noya — Sputnik. O‘zbekiston Xalqaro elektr aloqa ittifoqi tomonidan tayyorlangan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiyoti indeksidagi o‘rnini saqlab qoldi.
Respublika 2015-yildagi kabi 110-o‘rinda joylashdi. Xalqaro elektr aloqa ittifoqi mutaxassislarining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda statsionar telefon aloqasiga ulanganlar soni har 100 kishiga 8,44 ni, mobil aloqasiga ulanganlar esa — har 100 kishiga 73,34 ni tashkil etadi.
O‘zbekistonda uy xo‘jaliklarining qariyb 43,2 foizi kompyuterlarga ega, ularning 52,6 foizi internetga ulangan. Internetning uylarga kirib borish darajasi 42,8% bo‘lib, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 7% ko‘p demakdir. Xalqaro internet-kanalining axborot o‘tkazish tezligi bir foydalanuvchiga soniyasiga 2075 bitga to‘g‘ri keladi.
Hujjatda bildirilishicha, statsionar keng polosali internetdan foydalanuvchilar soni har 100 kishiga 3,57 ni tashkil etadi. Faol mobil internet foydalanuvchilari soni 4 foizga o‘sib, har 28,69%ga yetdi.
Reytingda o‘tgan yildagi kabi Koreya Respublikasi birinchi o‘rinni egalladi. Dastlabki beshlikda shuningdek, Islandiya, Daniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya qayd etildi. AKT rivojlanishi borasida eng yomon ko‘rsatkich Nigeriya, Chad, Gvineya-Bisau, Janubiy Sudan va Burundida.
MDH davlatlari orasida Belarus ro‘yxatning 31-pog‘onasidan joy olgan, Rossiya 43, Qozog‘iston 52, Ozarbayjon 58, Armaniston 71, Gruziya 72, Ukraina 76, Qirg‘iziston esa 113-o‘rinda joylashgan.