TOShKENT, 24 noya — Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev hokimiyatni farzandlariga meros qilib qoldirmaydi. U bu haqda Bloomberg agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Davlat rahbari hokimiyat almashish jarayoni mamlakat konstitutsiyasida qayd etilganini aytdi.
"Farzandlarimga hokimiyatni meros qoldirishni mo‘ljallamaganman. Menimcha, bu biz uchun emas. Hokimiyat almashish jarayoni mamlakat konstitutsiyasida yozib qo‘yilgan", — dedi u.
Nazarboyev 2020-yilda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarida ishtirok etishi haqidagi savolni ochiq qoldirdi.
"2020 yilgacha ishlashda davom etaman, 2020-yilda esa siz bilan uchrashamiz", — dedi 76 yoshli prezident.
Nursulton Nazarboyev 1991-yilda umumxalq saylovida prezidentlikka saylangan. 1995-yilda referendum natijalariga ko‘ra uning vakolat muddati 2000-yilgacha uzaytirilgan. U 1999 va 2005-yilgi saylovlarda qaytadan prezident etib saylangan.
2007 yilda Qozog‘iston konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishga ko‘ra, Nazarboyevga mamlakatning birinchi prezidenti sifatida davlat rahbarligiga saylovlarda cheksiz qatnashish huquqi berildi. U 2011 va 2015-yillarda yana prezident etib saylandi.
Qozog‘iston konstitutsiyasiga binoan, prezident muddatidan oldin lavozimini tark etsa yoki chetlatilsa hamda vafot etsa, prezident vakolatlari parlament senati (yuqori palata) raisiga o‘tadi.
Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a 2016-yil sentabrda senatning xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha muntazam qo‘mitasining raisi etib tayinlangan. O‘rtancha qizi Dinara Kulibayeva turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev bilan Qozog‘istondagi ikkinchi yirik bankni boshqaradi. Kenja qizi Aliya esa qurilish biznesi bilan shug‘ullanadi.