TOShKENT, 24 noya — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Tojikiston Elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot-xizmati.
"2016-yilning 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Tojikiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Sodiq Imomiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarining dolzarb masalalari, jumladan bo‘lajak ikki tomonlama uchrashuvlarning jadvali va kun tartibi muhokama qilindi", — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15-18 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda delegatsiyalar O‘zbekiston va Tojikiston davlat chegaralarining oldin belgilanmagan bo‘laklari bo‘yicha fikr almashishgan edi.