Muhammad Ismoil: "Matbuot faol ishlaganda, virtual qabulxonaga hojat yo‘q edi"

© Foto : iz lichnogo arxiva poetaShoir Muhammad Ismoil
Shoir Muhammad Ismoil - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Muhammad Ismoilni shak-shubhasiz avlod ovozi deb atash mumkin. Shoir tinimsiz izlanishda: yangi chop etilayotgan kitoblari, u tomonidan o‘tkazilayotgan ijodiy uchrashuvlar buning yaqqol dalilidir. Bundan tashqari, minglab she’riyat ixlosmandlari Muhammad Ismoil faoliyatini facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali ham kuzatib boradilar

TOShKENT, 24 noya — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Muhammad Ismoil Rahmonqulovich 1964-yilning 13-martida Sirdaryo viloyatining Xovos qo‘rg‘onida tug‘ilgan. 1986-yilda O‘zMU jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Ilk she’riy to‘plami — "Tazarru saodati" 1991-yilda chop etilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Robindranat Tagor xalqaro mukofoti sovrindori, "Istiqlol tongi" mukofoti sovrindori, shoir, yozuvchi, publitsist.

- Ilk yozgan satrlaringiz yodingizdami?

— Ha, albatta. Oltinchi sinf paytlarim edi. Beshinchi sinfda o‘qiydigan qizni ko‘z ostimga olib yurardim. Ammo ko‘zi ko‘zimga tushgan zahoti o‘zimni qo‘yarga joy topolmay berkinar, yuragim hapriqib ketardi. Uni ortidan soyaday ergashib yurardim. Kechalari u yashaydigan uyning derazasini poylardim. Zora, uzoqdan bo‘lsayam  ko‘rinsaydi, derdim. U esa, deraza pardalarini yopib qo‘yar, men esa parda ortidan uning qorasini ko‘rib, zavqlanardim. Chiroq o‘chgach, deraza yumilgan ko‘zga o‘xshab qolardi.

Ko‘zi yumuq deraza,
Tushlar ko‘rib, orom ol.
Qani, u qiz demasa,
Kelgan o‘tkinchi shamol.

Ko‘zingni och deraza,
Ko‘nglim gulga aylangan.
Qiz ko‘nglimga qarasa,
Gulim unga atalgan.

Qarasa dunyoda eng,
Zo‘r gulni u oladi.
Qaramasa, gullarim

Sho‘ra bo‘lib qoladi.

Bu mening birinchi yozgan she’rim. Bu she’rni o‘sha qizning uyi atrofida, Oy yorug‘ida yozganman. Yozishimning sababi, unga yoqishni juda-juda istardim. U qiz uchun she’r yozishga ham, qo‘shiq aytishga ham, a’lochi bo‘lishga ham tayyor edim. Hamma meni maqtasa-yu, u qiz eshitsa derdim. Meni, nazariga ilsa, unga munosib bo‘lsam deb orzu qilardim. Shu kuch, shu shijoat bilan tuman, viloyat gazetalarida she’rlarim chop etila boshladi. Maktabni a’lo baholarga tugatdim. Shu shiddat bilan dorilfunun talabasi bo‘ldim.

- Ko‘pincha, "sevgi-muhabbat" tufayli shoir bo‘lganlar haqida eshitib qolar edim, demak, sizni ham shu taqdir chetlab o‘tmagan ekan-da?

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyevga ishonsa bo‘ladimi?
- Bolaligimdan shoirtabiat edim. Xudo peshonamga shu qismatni bitgan ekan, shukur, noliydigan joyim yo‘q. Shu qiz tufayli shoir bo‘ldim desam, Xudoning taqdiriga shak keltirgan bo‘laman. Menimcha, shoirlik bitta qizni sevish bilan amalga oshib ketadigan jarayon emas. Xudo, odamni shoir bo‘lishi uchun ko‘p chig‘iriqlardan o‘tqazadi, ko‘p sinaydi, boshiga mashaqqatlar soladi, qalbini iztiroblar qozonida obdon qaynatadi. Shoirning yuragi goh ming gradus bo‘lib yonadi, goh minus yuz gradus sovub ketadi.

- Ijodning hayotingizdagi  o‘rni qanday?

— Men tirik diktafonga o‘xshayman. Nimanidir eshitsam, kimnidir ko‘rsam, beixtiyor miyamga yoza boshlayman va xotiramga joylashtiraman. Ijod kundalik hayotimga aylangan. Ijoddan tashqaridagi hayotim yo‘q. Ijod shunday narsaki, yaqinlashganingiz sari u ham peshvoz kelaveradi, uzoqlashsangiz, u ham sizdan uzoqlashaveradi. Himolay cho‘qqisiga chiqmagan alpinistlar ko‘p bo‘lgani singari, ijod cho‘qqisiga chiqmagan ijodkorlar ham ko‘p. Shularning biri menman. 

- Bugungi kunda shoirlarning ijod qilishida Yozuvchilar uyushmasining roli qanday?

— O‘zbekistonning siyosiy, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy hayotida juda ko‘p o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Ammo, shoir-yozuvchilar bu o‘zgarishlarda faol ishtirok etayotgani yo‘q. Masalan, Prezidentlikka nomzod Sh.M.Mirziyoyev virtual qabulxona ochdi. Agar matbuot faol ishlaganda, gazeta, radio,televideniya odamlar dardini, muammolarini o‘z vaqtida yoritib borganda virtual qabulxonaga xojat yo‘q edi.

Kitoblar - Sputnik O‘zbekiston
Jurnalist nigohi: adabiyot o‘gaylanib qoldimi?

Hozir, virtual qabulxona matbuot qilishi kerak bo‘lgan ishni bajarayapti. Sh.Mirziyoyevning bu tashabbusi hamma matbuot xodimlariga saboq bo‘lishi kerak. Shu jumladan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga ham. Afsuski, virtual qabulxona ochilgandan, odamlar o‘z mushkulotlarini baralla ayta boshlagandan keyin ham, matbuot jim. Yozuvchi, shoirlar ham jim. Umid qilamanki, Sh.Mirziyoyev vaqti kelib, matbuotni ham, badiiy so‘z ustalarini ham "gapirtirib" yuboradi.

- Olamda ro‘y berayotgan voqealarga munosabatingiz?

— Yer yuzi, bitta inson tanasiga o‘xshaydi. Insonning biror joyi og‘risa, badanning boshqa a’zolari ham azob chekadi. Amerikada kim Prezident bo‘lishining O‘zbekistonga  ta’siri bor. Suriyadagi urush hech kimni befarq qoldirayotgani yo‘q. Yevropada nima bo‘layotgani bizga ahamiyatsiz emas. Amerikada ilm-fan rivojlanayotgan ekan, bizda ham ilm-fan o‘sha darajada rivojlanmas ekan, Amerikaga qaram bo‘lib qolaveramiz. O‘zbekiston avvalo ilm-fan, bilim salohiyati  jihatidan dunyo davlatlari bilan tenglikka erishishi kerak. Qaysi davlatda olimlar, ziyolilar, muttafakirlar, donishmandlar ko‘p ekan, o‘sha davlat eng kuchli davlatdir. Kuchsiz davlatlar, kuchli davlatlarga xizmat qilaveradi, barcha boyliklarini o‘z qo‘li bilan eltib beraveradi. 

- Rus shoirlari ijodini ham kuzatib borasizmi?

— Afsuski, hozirgi zamonaviy rus she’riyati bilan yaqindan tanish emasman. Mayakovskiy, Svetayeva, Voznesenskiy, Yevtushenko, Axmadulinalarni sevib o‘qiyman. Yevgeniy Yevtushenko bilan uchrashish eng katta orzularimdan biri. Agar u odam men bilan uchrashishga rozilik bildirsa, o‘sha zahoti Moskvaga uchib borardim.

© Foto : iz lichnogo arxiva poeta Muxammada IsmailaShoir Muhammad Ismoil kitobi
Poet Abdulla Aripov - Sputnik O‘zbekiston
Shoir Muhammad Ismoil kitobi

- Ayni kunda qaysi asar ustida ishlayapsiz?

— Uch yildan buyon "Jolutga atalgan tosh" nomli qissa yozayapman. Bu qonxo‘r, zolim xukmdor haqidagi qissadir. U Xudodan qo‘rqmay, o‘z podsholik davrida minglab odamlarni o‘ldiradi. Bir kuni osmondan kichkinagina toshcha kelib, uning boshini qoq ikkiga yorib yuboradi. Insonning joni omonat, Xudo uni istagan paytda, bir lahzada olib qo‘yishi haqidagi qissa bu. Hammamiz ham shundaymiz. Bugun bor, ertaga yo‘qmiz. Bugun yaxshilik qilib qolmasak, ertaga boshimizga do‘zax azobi tushishi mumkin.

© Foto : iz lichnogo arxiva Muxammada IsmailaKnigi poeta Muxammada Ismaila
Knigi poeta Muxammada Ismaila - Sputnik O‘zbekiston
Knigi poeta Muxammada Ismaila

- Sputnik mushtariylariga tilaklaringiz?

— Avvalombor, Moskvada o‘zbek tilidagi sayt faoliyat yuritayotganidan xursandman. Sababi, rus va o‘zbek ijodkorlari o‘rtasidagi aloqalarni bu sayt tiklaydi, degan umiddaman. Rus tili, o‘zbek adabiyoti bilan jahon adabiyoti o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tashi mumkin. Rus adabiyoti, dunyo adabiyotida birinchi o‘rinlarda turadi. Tolstoy, Dostoyevskiy, Gogol haqiqiy daho yozuvchilardir. Pushkin, Lermontov, Yesenin daho shoirlardir. Paustovskiy, Shukshinlarga dunyo adabiyotida hech kimni tenglashtirib bo‘lmaydi. Shuningdek, rus jurnalistikasi maktabi dunyo matbuotining eng peshqadam maktablaridan biridir. Biz, bu maktabdan juda ko‘p saboq olishimiz kerak. "Sputniknyus" mushtariylariga, qardosh rus xalqi ijodkorlariga o‘zimning alangali salomimni yo‘llab qolaman. Sog‘ bo‘linglar!

Yangiliklar lentasi
0