TOShKENT, 23 noya – Sputnik. Toshkentda yaqinda ham issiq havo hukmronlik qilayotgandi. Havoning birdaniga sovib ketishi ko‘pchilikka noqulaylik tug‘dirdi. Ayniqsa, jamoat transportida ishga boradiganlarga bu yaqqol sezildi. Shu sababli Facebook ijtimoiy tarmog‘ining “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolari har kuni bir yo‘nalishda harakatlanadigan haydovchilarning yo‘lovchilarni ushbu yo‘nalish bo‘ylab bepul eltib qo‘yish tashabbusi bilan chiqdilar, deb yozadi
"Darakchi" nashri.
Haydovchilar ijtimoiy tarmoqdagi guruhda alohida postlar orqali o‘zlari har kuni harakatlanadigan yo‘llar haqida ma’lumot bera boshladi.
Yana bir haydovchi esa Telegram messenjeri orqali maxsus chat yaratdi.
"Tushunaman, sovuq havoda erta tongda avtobus kutish yoki taksi to‘xtatish hech kimga yoqmaydi. Ular kutib turish o‘rniga harakatlana boshlaydi",—deb yozdi u.
Yana bir haydovchi #Insonlarni sovuqdan qutqaraman xeshtegi ostida Yakkasaroy tumani hududida yo‘lovchilarni manziliga bepul eltib qo‘yishini aytib, telefon raqamini qoldirdi. Natijada uning xizmatidan 14 nafar yo‘lovchi foydalandi va manziliga bepul yetib oldi.
Uning bu xatti-harakati guruhning boshqa a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi:
"Besh daqiqadan so‘ng chiqib ketaman. Lisunova kinoteatridan Yunusobod tumanigacha bepul eltib qo‘yaman! Bepul".
"Bepul! Talabalar shaharchasidan Beruniy,Tinchlik va Chilonzor metrosigacha eltib qo‘yaman".
"Har kuni soat 8:00 dan Bektemir tumanidagi postdan Vestministr universitetigacha bepul eltib qo‘yaman".
"Bepul! Shastri-O‘rikzor bozori. Chiqib ketish vaqti 9:30"
"Har kuni Darxon—Chilonzor savdo markazi yo‘nalishida qatnayman. Soat 9:00 da uydan chiqaman. Ushbu yo‘nalishda yo‘lovchilarni eltib qo‘yishim mumkin. Siz evaziga qiziq latifa aytib berishingiz kerak".
Izohlarda guruh ishtirokchilari jonkuyar haydovchilarga minnatdorchilik bildirib, ularga sog‘lik va omad tilamoqda.
"Bepul Uber. Baribir bizning xalqimiz eng mehribon xalq".
"Mehr dunyoni qutqaradi. Erkaklarimiz bilan faxrlanaman!".
"Erkaklarimizning sovuq kunlardagi g‘amxo‘rligi uchun rahmat. O‘zingizni ehtiyot qiling!!!", deyiladi tilak va minnatdorchiliklarda.