TOShKENT, 22 noya – Sputnik. Toshkent viloyatida 60ta bog‘dorchilik va uy xo‘jaliklarini qamrab oluvchi to‘rtta meteostansiya o‘rnatiladi. Bu haqda BMT Tiklanish va taraqqiyot dasturi (BMTTD) matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda bildirilishicha, savdo-sanoat palatasi va BMTT o‘rtasidagi "O‘zbekiston biznes-forumi (III-bosqich)" qo‘shma loyihasini amalga oshirish doirasida respublikadagi qator qishloq tumanlarida meteostansiyalar o‘rnatiladi. Mazkur meteostansiyalarning o‘rnatilishi axborot texnologiyalarini qo‘llash, dehqonchilik jarayonlarini avtomatlashtirish, xo‘jalik boshqaruvi va rejalashtirishini maqbullashtirish orqali qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida Toshkent viloyatida to‘rtta meteostansiyaning o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular 600 gektarga yaqin hududni hamda unda joylashgan o‘rtacha 60 ta bog‘dorchilik va uy xo‘jaliklarini qamrab oladi.
Fermerlar bog‘dorchilik sohasida konsalting xizmatlarini taqdim etadigan hamkor tashkilot yordamida telefonlarida meteorologiya ma’lumotlari hamda olma, shaftoli, gilos va uzum kabi mevali daraxtlar uchun ko‘rilishi kerak bo‘lgan zarur agrotexnik choralar ko‘rsatilgan sms-xabarlarni olishlari mumkin. Bundan tashqari, yirik fermer xo‘jaliklarini o‘z bog‘lari hududida meteostansiyalardan foydalanish bo‘yicha o‘qitish rejalashtirilgan.
Quyosh batareyalarida ishlaydigan meteostansiyalar muntazam ravishda vebsaytga axborot yuboradi. Foydalanuvchi shaxsiy kabinetiga kirib meteostansiyalarni boshqarishi, individual parametrlarni o‘rnatib, mahalliy sharoitlarga sozlashi, shuningdek, avvaldan tanlangan ekinlari uchun zararkunandalarga qarshi kurashishga oid profilaktika ishlarini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar olishi mumkin.
Meteorologik ma’lumotlarning to‘planishi va monitoring qilinishi aniq hudud uchun mikroiqlimiy sharoitlarni aniqlash imkonini berib, agrotexnologiyalarning to‘g‘ri va samarali tanlanishiga xizmat qiladi.
Ushbu loyiha ekspertlarining aytishicha, meteostansiyalardan oqilona foydalanish o‘simliklar himoyasi va mehnat uchun haq to‘lash bilan bog‘liq harajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi. Loyiha Janubiy Afrikaning "Sasol" kompaniyasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Meteostansiyalar o‘rnatilishi — "smart farm" ("aqlli ferma") g‘oyasini amalga oshirish yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lib, unda xo‘jalik, jumladan chorvachilik yuritishning to‘liq avtomatlashtirilgan jarayoni ko‘zda tutiladi. Mazkur tashabbusning O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi va sifatini oshirish maqsadida axborot texnologiyalarini qo‘llanilishi orqali aniq dehqonchilikni rivojlantirish uchun asos yaratishi kutilmoqda.