TOShKENT, 22 noya — Sputnik. Brusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va boshqa masalalar bo‘yicha quyi qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar qilmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasiga adliya vaziri o‘rinbosari, Yevropa delegatsiyasiga esa Yevropa tashqi faoliyat xizmatining Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqarmasi rahbari boshchilik qildi.
Uchrashuv samarali va ochiq ruhda o‘tdi, tomonlar keng miqyosdagi masalalar, jumladan hamkorlikni kelgusida rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Tomonlar inson huquqlari, O‘zbekiston va YeI davlatlarida fuqarolik jamiyatini mustahkamlash hamda mazkur yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Suhbat teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyiliga asoslandi.
Terrorizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, chegaralarni boshqarish, bojxona va sud-huquq tizimini rivojlantirish va mazkur sohalarda o‘zaro hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar BMT, XMT va YeXHT kabi xalqaro va hududiy tashkilotlar bilan hamkorlik va monitoringlar o‘tkazishni davom ettirish muhim ekanligini qayd etdilar.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga YeXHTning to‘laqonli kuzatuvchilar missiyasini taklif etganligini ma’qulladi. Respublikada tegishli qonunchilikni modernizatsiya qilish, masalan, sud tizimining bo‘lajak islohoti, korrupsiyaga qarshi kurash loyihasi va biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar e’tirof etildi. Bu borada tomonlar iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni muhokama qildilar.
Majlis yakuniga ko‘ra tomonlar o‘tkazilgan suhbatlardan o‘zaro qoniqish hosil qilinganini bildirdilar. Uchrashuvlarning navbatdagi bosqichi 2017-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tadi.