TOShKENT, 19 noya — Sputnik. Joriy yilda Samarqand shahrining bir qator hududlarida bir necha yillardan buyon to‘xtab qolgan issiqlik ta’minoti qayta tiklandi, deb xabar qilmoqda Zarafshon nashri.
"Qiymati 600 million so‘mlik zamonaviy to‘rtta lokal qozonxona qurib bitkazilishi natijasida shaharning Sartepa, Sug‘diyona, Marhabo hududlari va Kimogarlar shaharchasidagi 13 ta ko‘p qavatli uylarda joylashgan 570 ta xonadonga issiqlik yetib boradi", — deyiladi xabarda.
"Barcha qurilish-montaj ishlari shu yilning 15-noyabriga qadar tugatilib, shu sanadan boshlab aholiga issiqlik ta’minoti yetkazish rejalashtirilgan, – deydi Samarqand shahar hokimligi bosh mutaxassisi Feruz Najmiddinov. – Bu esa nafaqat qish mavsumida aholiga issiqlik bo‘yicha qulaylik yaratadi, balki tabiiy gaz, ayniqsa, elektr energiyasining bir necha baravar tejalishiga, har yili uchraydigan elektr uzatish, taqsimlash uskunalarining zo‘riqishi oqibatida yuzaga keladigan uzilishlarning oldini oladi. Aholi kommunal sohadagi barcha xizmatlardan muammosiz bahramand bo‘lishiga zamin yaratiladi".