TOShKENT, 18 noya – Sputnik. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi butun O‘zbekiston bo‘ylab "Jamoatchilik qabulxonalari"ni ishga tushirdi. Bu haqda federatsiya rasmiy portali xabar qilmoqda.
Xabarda bildirilishicha, "Jamoatchilik qabulxonalari" orqali ijtimoiy-mehnat munosabatlari, mehnat qonunchiligi sohasida fuqarolarga, shuningdek, faoliyatini endi boshlamoqchi bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga bepul huquqiy yordam ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, ularning ijtimoiy-mehnat sohasiga oid murojaatlari tezkor ravishda ko‘rib chiqilib, amaldagi qonunchilikka muvofiq hal qilinishi ta’minlanadi.
Fuqarolar o‘z faoliyatidagi ijtimoiy-mehnat sohasiga oid masalalar bo‘yicha bepul maslahat olish uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 1092 Ishonch telefoniga murojaat qilishlari mumkin va o‘zi yashab turgan hududda joylashgan “Jamoatchilik qabulxonalari”ga ulanib, tegishli javob olish imkoniga ega bo‘ladilar.