TOShKENT, 7 noya – Sputnik. Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ularning muammolarini samarali hal qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi raisi Davron Xidoyatovning virtual qabulxonasi ishga tushirildi.
Qo‘mita raisiga xususiylashtirish, davlat mulkini ijaraga olish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati, bankrotlik, birja, baholash va rieltorlik faoliyati, Davlat raqobat qo‘mitasi vazifalari doirasidagi masalalar bo‘yicha murojaat qilish mumkin.
“Sizda hal etilmagan masalalar/muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflar bormi? U holda murojaatingizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga 2 xil usulda: qo‘ng‘iroq qilish yoki murojaat yuborish orqali amalga oshirishingiz mumkin”, — deyiladi portal bosh sahifasidagi matnda.
Virtual qabulxona sahifasida maxsus shakl berilgan bo‘lib, uni to‘ldirish orqali murojaatnoma yuborish mumkin. Shuningdek, murojaat ijrosini kuzatib borish imkoniyati ham mavjud.
Sahifada raqobat qo‘mitasining hamda hududiy boshqarmalarining telefon raqamlari ham berilgan.