TOShKENT, 17 noya — Sputnik. Sobiq Ittifoq davlatlarida rus tiliga ikkinchi davlat tili maqomi berilishi qonunan belgilab qo‘yilishi lozim, deya fikr bildirgan Rossiya TIVning alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Eleonora Mitrofanova. Sputnik Tojikiston xabari asosida.
"Yana bir avloddan so‘ng sobiq Ittifoq davlatlaridagi odamlar rus tilida gapirmay qo‘yadilar. Bu aniq. Shu bois, bu masala bilan alohida shug‘ullanib, ushbu davlatlarda rus tiliga ikkinchi davlat tili maqomi berilishini qonunan belgilab qo‘yishimiz lozim. Men buni birinchi o‘rinda hal etilishi lozim bo‘lgan dolzarb masala deb hisoblayman", — deb ta’kidlagan Mitrofanova "Rossiya til siyosati va rus tilining jahondagi ahvoli" mavzusiga bag‘ishlangan doira suhbati davomida.
"Oddiy misol tarzida Ukrainani olib qaraydigan bo‘lsak, u yerdagi yoshlar rus tilida qiynalib gapiradilar, yozilari haqida esa gapirmasa ham bo‘laveradi. Gruziya yoshlarining aksariyati, Boltiqbo‘yi mamlakatlarini gapirmasam ham bo‘laveradi, rus tilini umuman bilmaydilar", — deb qo‘shimcha qilgan Mitrofanova.