TOShKENT, 16 noya — Sputnik. Bugun Moskvada tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlatlararo kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi Rossiya FVV matbuot xizmati.
Yig‘ilishda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Moldaviya, Turkmaniston va Ukraina vakillari ishtirok etishlari rejalashtirilgan.
Qutqaruvchilar falokatlarga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlik, qutqaruv xizmatlari uchun kadrlar tayyorlash va favqulodda vaziyatlar monitoringi masalalarini muhokama qilishadi. Bundan tashqari, tomonlar xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqishadi.
Shuningdek, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha qator kelishuvlarni imzolash rejalashtirilmoqda.
Tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlatlararo kengashi 1993-yilda MDH davlatlarining tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish va ogohlantirish borasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuviga muvofiq tashkil etilgan.