TOShKENT, 16 noya – Sputnik. Moskvadagi Saxarovo ko‘p tarmoqli migratsiya markazi (KTMM) endi ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z sahifasiga ega bo‘ldi, deb xabar beradi markaz matbuot xizmati. Mehnat migrantlari markazning "Odnoklassniki", "VKontakte" va Facebookdagi sahifalariga obuna bo‘lishlari mumkin.
Xorij fuqarolari endilikda Moskvada ishlash uchun patent olish tartibini darhol bilib olishlari, markaz faoliyati bilan bog‘liq yangiliklardan hamisha xabardor bo‘lib turishlari mumkin. Shuningdek, sahifalarda xorij fuqarolari uchun muhim axborot va maslahatlar berib boriladi.
"Biz ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy akkauntlar internet orqali Rossiya poytaxtida ishga qanday joylashish mumkinligi haqida bilishga urinuvchi xorijliklar uchun samarali vosita degan xulosaga keldik. Aksariyat migrantlar ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tgan. Endi ularda rasmiy ma’lumot olish, markaz faoliyati bilan bog‘liq yangiliklar, o‘zgarishlar, ish vaqti haqida axborot olish imkoniyati paydo bo‘ldi", – deydi Saxarovodagi ko‘p tarmoqli migratsiya markazi bosh direktori Nikolay Fedoseyev.
"Eng muhimi, mehnat migrantlari tovlamachilar ochgan soxta akkauntlarga emas, markazning rasmiy sahifalariga kirishlari lozim", – deb ta’kidladi markaz rahbari.
Ta’kidlash lozimki, markazning 700dan ortiq obunachilari orasida poytaxtdagi migratsiya siyosatini yoritish bilan faol shug‘ullanuvchi migratsiya bo‘yicha ekspertlar, huquqshunoslar bor.
Ko‘p tarmoqli migratsiya markazining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalariga quyidagi havolalar orqali kirish mumkin: