TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Moskvada mehnat qilayotgan migrantlar ko‘p tarmoqli migratsiya markazi internet-portalida shaxsiy kabinetlariga ega bo‘lishlari mumkin, deb xabar bermoqda "Novosti Uzbekistana".
Servis 2017-yil oxirida ishga tushadi. Migrant shaxsiy kabinetida onlayn ravishda patent maqomini tekshirishi, amalga oshirgan to‘lovlari holatini bilishi, ish beruvchi bilan tuziladigan mehnat shartnomasini o‘qib chiqishi va patent to‘lovini amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Ish beruvchi ham o‘z navbatida bo‘lajak xodimining patenti bor-yo‘qligini tekshirishi, ishga taklif etishi va u haqdagi boshqa ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin bo‘ladi.
"Migratsiya markazining yangi portali xorij fuqarolari va ish beruvchilarga markaz ishi haqida axborot berish hamda ularga foydali servislarni taqdim etish uchun xizmat qiladi", — deyiladi qo‘mita hujjatida. Mazkur loyiha markaz axborot tizimini rivojlantirish dasturi doirasida ishga tushiriladi.
O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, mehnat migrantlari Moskva budjetiga neft kompaniyalaridan ko‘ra ko‘proq pul tushirishgan.
Hozirda mehnat patenti uchun oylik to‘lov 4200 rublni tashkil etadi, uni bir yilga uzaytirish mumkin. Patentga ega bo‘lish uchun rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, tibbiy tekshiruvdan o‘tish va ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisini rasmiylashtirish lozim. Belorussiya, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston fuqarolari mehnat patenti olishlari shart emas.
Migrantlar uchun imtihon topshirishda qulaylik yaratish maqsadida kompyuter savodxonligi, rus tili, tarix va huquq bo‘yicha kompyuter kurslarini tashkil etish taklif etilmoqda. Rus tili bo‘yicha imtihonga esa og‘zaki imtihon ham qo‘shilishi mumkin. Rossiya ta’lim vazirligi poytaxt hokimiyatiga ana shunday tavsiya jo‘natdi.