TOShKENT, 16 noya — Sputnik. Qirg‘iziston IIV xabariga ko‘ra 31 yoshli AQSh fuqarosi o‘z hayotini 1 million dollarga sug‘urta qilib, O‘shda o‘z o‘limini soxta rasmiylashtirgan, Sputnik Kirgizstan xabariga ko‘ra.
Ma’lumotlarga ko‘ra, asli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 31 yoshli yigit 2000-yillarda Green Card lotoreyasi bo‘yicha AQShga ko‘chib ketadi. U yerda bir necha yil yashaganidan keyin, o‘z hayotini 1 mln dollarga sug‘urta qiladi. 2014-yilda u Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga kelib, sug‘urta to‘lovini olish maqsadida o‘z o‘limini soxta rasmiylashtiradi. Keyinchalik esa Qora Suv tumani qishloq qabristonlaridan birida uning soxta qabri paydo bo‘lib unga yodgorlik ham o‘rnatiladi.
Shundan keyin esa, uning AQShdagi qarindoshlari sug‘urta kompaniyasidan sug‘urta to‘lovini talab qila boshlaydi. Sug‘urta kompaniyasi talabiga binoan huquqni saqlash organlari tekshiruv o‘tkazganda ushbu tovlamachilik fosh bo‘ladi. Bundan tashqari o‘lim haqida yolg‘on guvohnoma bergan patologo-anatom vrach ham aniqlanandi.
Ushbu ish yuzasidan Qirg‘iziston JKning “Soxta hujjatlar tayyorlash” va “Xizmat vazifasini suiste’mol qilish” bandlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
O‘zini soxta “o‘ldirgan” fuqaro esa endi rostakamiga huquqni saqlash organlaridan yashirinib yurmoqda.