TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Shveysariyaning Casale SA kompaniyasi O‘zbekistondagi yirik kimyo korxonasi bo‘lgan "Navoiyazot" AJni modernizatsiya qilishga kirishdi, deb xabar berdi "Navoiyazot" vakili RIA Novostiga.
"Loyihani moliyalashtirish yo‘lga qo‘yildi, pudratchi texnologik uskunalarni tayyorlashga kirishdi", — dedi agentlik suhbatdoshi.
2016 yil boshida Casale "Navoiyazot" bilan qiymati 177 million dollarlik azot kislotasi ishlab chiqarish liniyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolagandi.
Loyihada yangi energetik va texnologik uskunalar asosida azot kislotasi ishlab chiqarish agregatlarini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Modernizatsiyalash asnosida konsentratsiyalanmagan azot kislotasini ishlab chiqarish quvvati 1,4 baravarga – yiliga 500 ming tonnagacha oshadi. Loyihani amalga oshirish muddati 2019-yilning birinchi yarmi etib belgilangan.
Umumiy qiymati 216,7 million dollarni tashkil etuvchi loyiha O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasi, xorij kreditlari va mamlakat kimyo sanoati korxonalari faoliyatini nazorat qiluvchi "O‘zkimosanoat" AJning mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.
"Navoiyazot" AJ 1964-yilda faoliyat boshlagan. Zavod mineral o‘g‘itlar, nitron tolasi hamda organik sintez integral mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ayni paytda korxonada polivinilxlorid ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik azot o‘g‘itlarini ishlab chiqaruvchi majmuani tashkil etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.