TOShKENT, 26 sen – Sputnik. O‘zbekistondagi yirik kimyo zavodi – "Navoiyazot" AJ tez kunlarda Xitoyning "Chemchina" kompaniyasi bilan birgalikda qo‘shma korxona tashkil etadi, deb xabar beradi nuz.uz.
Saytning rasmiy manbalarga tayanib bergan xabariga ko‘ra, Navoiydagi kimyo zavodi xorijiy investorlar ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etilishi ko‘zda tutilgan yirik korxonalar ro‘yxatidan joy olgan.
2016 yil boshida Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi "Navoiyazot" AJ bazasida narxi 439,8 mln dollarni tashkil etuvchi polivinilxlorid ishlab chiqarish majmuasi qurish bo‘yicha bosh pudratchi maqomini olgan.
Qurilish uchun 374 mln dollarlik kreditni Xitoyning Eksimbank banki "Asakabank"ka ajratdi. Loyihada yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda va 300 ming tonna metanol ishlab chiqarish quvvatiga ega majmua qurish ko‘zda tutilgan.
Zavod qurilishi 2019-yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.
"Navoiyazot" 1964-yilda foydalanishga topshirilgan O‘zbekistondagi yirik kimyo zavodi hisoblanadi. Bu yerda azot o‘g‘itlari, nitron tolalari, hamda organik sintez ishlab chiqariladi.
2015 yilning noyabrida o‘tkazilgan xalqaro investitsion forumda Yaponiyaning Mitsubishi va Marubeni kompaniyalari zavodning 49% aksiyasini 200 mln dollarga sotib olishga qiziqish bildirib, O‘zbekiston davlat raqobat qo‘mitasi bilan “Navoiyazot” AJni xususiylashtirishda qatnashish bo‘yicha memorandum imzolagandi.
Korxonada 10 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi.