TOShKENT, 14 noya – Sputnik. Sirdaryo viloyatidagi "Sirdaryoyo‘lrevtrans" AJda "Biz kelajak uchun ovoz beramiz" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davra suhbati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida turli soha xodimlari, ayniqsa, yoshlarning saylov jarayonlaridan xabardorligini oshirish maqsadida o‘tkazildi.
Davra suhbati ishtirokchilari huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish, barcha sohalarni modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida fuqarolarning o‘z hoxish-irodasini erkin bildirishi, saylash va saylanish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar bilan tanishtirildilar.
Ishtirokchilarga milliy saylov tizimi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun, unga so‘nggi yillarda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, saylovchilarning qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari keng tushuntirildi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari saylovni yuqori saviyada, faollik bilan o‘tkazish borasida viloyatda olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, ularga saylov uchastkalarida birinchi marta ovoz berayotgan yoshlar uchun tashkil etilgan ovoz berish jarayonlari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.