TOShKENT, 12 noya — Sputnik. Prezidentlikka nomzod o‘z saylovchilari oldida chiqish qilar ekan, ularning e’tiborini muhim bir masalaga qaratdi. Sarvar Otamurodovga ko‘ra, kamdan-kam bo‘lsa-da, ammo hali ham voyaga yetmaganlar o‘rtasida nikohdan o‘tish holatlari kuzatilmoqda.
"Shu bois, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish borasida aniq va ta’sirchan choralar ko‘rish, bu boradagi targ‘ibot-tushuntirish ishlari, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, oila va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yosh oilalarga g‘amxo‘rlikni oshirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim", — deb qayd etdi Otamurodov.
"O‘zligini anglagan, qadriyat va an’analarini e’zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutadi. Mamlakatimizda bu borada erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish eng muhim vazifa. Partiyamiz milliy o‘zlikni anglash, milliy g‘urur va qadr-qimmat tuyg‘usini mustahkamlash masalalariga ustuvor ahamiyat bergan va bundan buyon ham ushbu hayotiy masalalar doimo e’tiborda bo‘ladi", deb qayd etdi Sarvar Otamurodov.
Prezidentlikka nomzod saylovchilarni 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi, deyiladi xabarda.