TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Rossiyaning xalqaro masalalar bo‘yicha kengashi eksperti Ilya Kravchenko Sputnik Tojikistonga bergan intervyusida Donald Tramp Markaziy Osiyodek murakkab mintaqa haqida albatta tasavvurga ega ekanligini qayd etdi.
"U Markaziy Osiyoda AQShning ta’sirini qanday yoyishi haqida hech kim bilmaydi. Hech bo‘lmaganda 20-yanvarga qadar kutish lozim. To‘g‘rirog‘i, davlatlarning ishlariga faol aralashuvlar, oshkora bosimlar bo‘lmaydi, "yumshoq kuch" qo‘llaniladi. Tramp — biznesmen, u sof siyosatchi emas. "Samoviy janglar"i bilan tanilgan aktor Ronald Reyganni eslang. Ular siyosatchilar avlodidan emas, ular konservatorlar. Uning hamma narsaga o‘z qarashi bo‘ladi", — deydi Ilya Kravchenko.
AQSh Xitoy va Rossiya hech qachon Markaziy Osiyodan ketmasliklarini anglab yetganiga uning ishonchi komil, shuning uchun AQSh ta’sir o‘tkazishning yangi yo‘llarini izlaydi, lekin hozircha bu qanday yo‘l bo‘lishini aytish qiyin.
"Keling, Tramp harbiy akademiyani bitirganini yodga olaylik, u intizom tarafdori. Shu bilan bir vaqtda u klassik kovboy emas. Va u O‘zbekiston, Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida kovboylarcha ish tutmaydi.
Uning jamoasi faqat respublikachilardangina iborat bo‘lmaydi, zero ular bilan qarama-qarshiliklari bor, ularning aksariyatini ichki partiya saylovlarida mag‘lub etgan. Trampni kongress va turli analitik markazlar qo‘llab-quvvatlaydi, u o‘z faoliyatida o‘shalarga tayanadi", — deydi ekspert.
Shu bilan birga, Ilya Kravchenkoning aytishicha, AQShning Markaziy Osiyodagi, ayniqsa Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi jangarilarga ta’siriga ortiqcha baho berib yubormaslik kerak.
"Amerikaliklar Tojikiston, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga ta’sir ko‘rsatish uchun har doim terrorchilardan foydalanishlari bo‘lmagan gap. Markaziy Osiyoning zaiflashgan davlatlari, jumladan zaif Rossiya ham hech kimga kerak emas. Ularga osoyishta mintaqa kerak. Ayonki, Tramp ma’muriyati iqtisodiy ta’sirdan foydalanadi. Ular samolyot, tank va bevosita harbiy aralashuvdan ko‘ra pulning ta’siri samaraliroq ekanligini tushunib yetishdi", — ta’kidladi Ilya Kravchenko.
Eslatib o‘tamiz, 8-noyabr kuni AQShda bo‘lib o‘tgan saylovlarda respublikachi Tramp g‘alaba qozonib AQShning 45-prezidentiga aylandi.