TOShKENT, 3 noya – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurdi. Tashrif "2017 yilga aholi bandligi dasturi" ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining Facebookdagi sahifasida ma’lum qilindi.
Tashrifdan asosiy maqsad to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan Rossiyadagi ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan iborat. Bu mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikning yanada yuqori va sifatli darajada bo‘lishini ta’minlaydi.
Mazkur hamkorlik natijasida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya Federatsiyasida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi orqali ishga joylashishlari masalasini hal qilish ta’minlanadi.
Agentlik orqali ishga joylashishni tashkillashtirish o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini ta’minlash va kafolatlash imkonini beradi, mehnat migrantlari o‘zlari duch kelgan muammolarni hal qilishda murojaat qilish va tezkor javob olishlari uchun qaynoq liniya tashkil qilinadi.
Rossiyaning turli hududlaridagi ma’muriy organlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish bu yerda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning muammolarini hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif davomida Krasnoyarsk, Kemerovo, Astraxan, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlaridagi ish beruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.