TOShKENT, 10 noya – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy texnikalar sifatini nazorat qilish bo‘yicha bosh boshqarmasi dorixonalarda mavjud bo‘lishi zarur bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati loyihasini tayyorladi. Mazkur loyiha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga muhokama uchun joylashtirildi.
Joriy yilning 31-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev "Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzolagandi.
Mazkur ro‘yxat Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi, "O‘zfarmsanoat" DAK va "Dori-Darmon" AK bilan kelishilgan bo‘lib, unda 70ta dori vositasi va 6ta tibbiy buyum nomi keltirilgan.
Loyihada berilgan izohga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan va dorixona assortimentida bo‘lishi majburiy bo‘lgan dori vositalariga ushbu ro‘yxatga kiritilgan dori vositalarining xuddi shu tarkibdagi ta’sir qiluvchi moddalari va dori shakliga, dozasiga ega bo‘lgan dori vositalari ham kiradi.