TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Ushbu kunlarda Moskvada bo‘lib o‘tayotgan "MDHga 25-yil: O‘zaro tushunish, hamkorlik va rivojlanish" forumida Rossiya prezidentining Xalqaro Madaniy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy so‘zga chiqdi. Quyida uning nutqidan lavha keltiramiz.
Bugun 25 yoshga to‘lgan yoshlar hech qachon Sovet Ittifoqida yashamagan va ularda bizda bo‘lgani kabi nostalgiya tuyg‘usi yo‘q. Bizlarga hech narsa tushuntirish kerak emas, chunki biz hammamiz bir xil qo‘shiqlar kuylaganmiz, kitoblar o‘qiganmiz, bir xil teatrlarga borganmiz, biz yagona mamlakatda yashaganmiz.
Kunlarning birida turli mamlakatlarda uyg‘onganimizda, bu men uchun muammo bo‘lgan. Men nega Belgorod va Xarkov orasida chegara paydo bo‘lganini va u yerda pasportimni ko‘rsatishim kerakligini tushunmasdim. O‘ylaymanki, mening yoshimda bo‘lgan kishilar uchun oxirgi 25-yil oson kechmadi.
Ushbu davr ichida biz har xil mamlakatlarda yashashni o‘rgandik. Bu ancha mushkul ish bo‘ldi. Chunki sen odatdagidek, o‘z eski do‘stlaring, tanishlaring oldiga kelganingda, oldingi tanish joylar o‘zga mamlakatga aylanib, u yerdagi tartib qoidalar va qonunlar o‘zgargan va bunga ko‘nikish ancha mushkul bo‘ldi.
Lekin biz oxirgi 25-yil shunga o‘rganishga harakat qildik va ko‘nikdik, chunki biz o‘z birodarlarimiz orasida yashaymiz, lekin shu bilan bir vaqtda hamma o‘z mustaqil mamlakati va o‘z qiziqishlariga ega bo‘ldi. Dunyo o‘zgardi, buni to‘g‘ri tushunish kerak. Hamkorlik qilish uchun turli yangi xil, va yangi jug‘rofiy yo‘nalishlarda keng imkoniyatlar ochildi.
Bunday sharoitda yoshlar uchun yangi-yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Bu borada YeOII va MDH miqyosida ham yoshlar uchun juda keng (o‘qish va ishlash) imkoniyatlari paydo bo‘lgan. Takroran aytaman, o‘z mamlakatiga, o‘z madaniyatiga ega bo‘lish — bu judayam yaxshi. Shu bilan bir vaqtda rivojlanish uchun xalqaro o‘qish va ish tajribasi ham suvdek zarur.