TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Xotini va o‘g‘lini bolta bilan chopib tashlagan farg‘onalik erkak 17-yilga qamaldi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekistonga manba.
Xabarga ko‘ra, u o‘z aybini to‘liq tan olgan.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Quvasoy shahrida yashovchi I. ismli erkak yaqinda Rossiyadan qaytgan xotini va to‘yiga uch kun qolgan kenja o‘g‘lini chopib o‘ldirgandi.
Qotillikni sodir etgach, u ularni molxonaga ko‘mgan va jinoyatini yashirish maqsadida butun uyga o‘t qo‘ygan. Erkak oila a’zolarini o‘ldirganidan keyin qo‘shnilari bilan hech narsa bo‘lmagandek gaplashib yuravergan, so‘raganlarga esa xotini va o‘g‘li yana Rossiyaga ketishayotganini, hozir bilet olish bilan mashg‘ul ekanliklarini aytgan.
Ulardan alohida yashovchi qizi uyga kelib onasi va ukasini so‘raganida erkak unga ham xuddi shunday javobni bergan va ular tez kunda ketishlarini aytgan.
Oradan o‘n kun o‘tgach, erkak mahalliy IIBga murojaat qilib, o‘g‘li va xotini yo‘qolib qolgani, ular xorijga ketgan bo‘lishlari mumkinligini bildirib ariza yozgan. Biroq operativ xodimlar ular O‘zbekistondan chiqib ketishmaganini aniqlashgan. So‘ngra esa uyda yong‘in sodir bo‘lgan.
Militsiya xodimlari yong‘in sabablarini o‘rganib chiqish jarayonida uyni sinchkovlik bilan tekshirib chiqishdi va marhumlarning jasadi qoldiqlarini topishdi. Shundan so‘ng erkak qotillikda gumonlanib hibsga olindi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.