TOShKENT, 8 noya — Sputnik. 8-noyabr kuni Komissiya Raisi M. Abdusalomov rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida bo‘lib o‘tgan majlisda Markaziy saylov komissiyasi ko‘zi ojiz fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash, ular uchun Brayl alifbosida saylov bulletenlarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni qabul qildi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot-xizmati.
Ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy ahvoliga, irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.
Qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasining shu yil 7-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi izchil amalga oshirilmoqda.
Jamiyatni yanada yangilash va demokratlashtirish fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash bilan uzviy bog‘liqdir. Milliy saylov tizimi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun, unga so‘nggi yillarda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, shuningdek, saylovchilarning qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklarini keng tushuntirish ishlari olib borilyapti. Tadbirlar aholining keng qatlami, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan yigit-qizlar, nuroniylar, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar, harbiy xizmatchilar, fuqarolar yig‘inlari vakillari, mehnat jamoalarida, o‘quv muassasalarida, shuningdek, xorijda olib borilyapti.
Saylov kampaniyasida xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ma’lumki, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha burosi kuzatuvchilar missiyasining elchi Yoxan Peter Traugott Teyler boshchiligidagi asosiy guruhi saylov jarayonini kuzatish bo‘yicha o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Majlisda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha burosi kuzatuvchilar missiyasining mamlakatimizga shu yilning 6-7 noyabr kunlari tashrif buyurgan 20 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.