TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Toshkent metropoliteni "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiritildi, deb xabar beradi Lex.uz portali.
28 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bu boradagi tegishli qarori e’lon qilindi. Ilgari Toshkent metropoliteni poytaxt yo‘lovchi transportini boshqaruvchi "Toshshahartransxizmat" kompaniyasi tizimida edi.
Xabarda metropolitenga temiryo‘l kompaniyasi o‘rinbosari rahbarlik qilishi ko‘rsatilgan.
Ilgariroq Yunusobod tumanidagi metro qurilishini davom ettirish hamda Sergeli tumanidagi yerusti metrosini qurish bilan "O‘zbekiston temir yo‘llari" shug‘ullanishi ma’lum qilingandi. Har ikki obyektda ishlar boshlab yuborilgan.
Toshkent metrosi Markaziy Osiyoda qurilgan birinchi metro bo‘lib, 1977-yilda faoliyat boshlagan. U to‘qqizta stansiyadan iborat bo‘lib, uzunligi 12,2 kilometrni tashkil etgan. Hozirda 29 stansiyadan iborat metro liniyasining umumiy uzunligi 36,2 kilometrga teng.