TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Qashqadaryo viloyati milliy xavfsizlik xizmati xodimlari odamlarga ichki ishlar bo‘limiga ishga joylashtirishga va’da bergan tovlamachini yirik miqdorda pul olayotgan chog‘ida qo‘lga olishdi, deb xabar berdi kuch tizimidagi manba Sputnik O‘zbekiston muxbiriga.
Kasbi tumanida yashovchi 28 yoshli Bahodir Hamroyev huquqni muhofaza qilish organlariga ishga joylashish istagida bo‘lgan fuqarolardan ularni ishga joylashtirishga va’da berib, evaziga pul olish bilan shug‘ullangan.
"U ilgari Qashqadaryo viloyati IIB qo‘riqlash boshqarmasida haydovchi bo‘lib ishlagan, shuning uchun unga fuqarolarning ishonchiga kirish qiyinchilik tug‘dirmagan, ularni ma’lum bir miqdordagi pul evaziga ishga joylashtirishga va’da bergan. Fuqaro "K.Z." tovlamachi uning jiyanini viloyat IIB huquqbuzarliklarning oldini olish boshqarmasiga inspektorlikka joylashtirish uchun besh ming dollar so‘ragani haqida ariza yozganidan keyin MXX tezkor vakillari uni pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olishdi", — dedi maxsus xizmat vakili.
Tergov-surishtiruv B.Hamroyev 2013-2016 yillar davomida shu yo‘l bilan 11 nafar fuqarodan ichki ishlar organlariga joylashtirib qo‘yish uchun 37,7 ming dollar va 10 million so‘m olgani aniqlandi. Biroq tovlamachi va’dasini bajarmasdan pullarni o‘z ehtiyoji yo‘lida sarflab yuborgan. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (tovlamachilik) bo‘yicha ilgari ham sudlanganligi ma’lum bo‘ldi.
Ayni paytda Bahodir Hamroyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.