TOShKENT, 5 noya – Sputnik. O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov AQShga davolanish uchun jo‘nab ketganligi haqida shoir Muhammad Ismoil Facebookdagi sahifasida ma’lum qilgandi. Kuni kecha u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali atoqli shoirga salomatlik tilab, barchadan duo qilishlarini so‘radi.
"Assalom alaykum ahli jamoa! Assalom alaykum hurmatli yaxshilar! O‘zbek elining asl farzandi, mustaqil davlatimiz madhiyasining muallifi, zamonamizning Navoiysi, O‘zbekiston xalq shoiri, davlat mukofotlari sovrindori, millatimizning faxri-iftixori,millatimiz ma’naviyatining eng katta ustuni, buyuk shoirimiz Abdulla Oripov mana bir necha o‘n kunlardan buyon bizdan bir necha ming chaqirim olisda davolanmoqdalar. Kelinglar, ulug‘ ustozimizni duo qilaylik. Hammamizning jonimiz omonat. Hammamizning bir nafasda yonib o‘chguvchi holimiz bor. Bugun bormiz, ertaga bormizmi yo‘qmizmi yolg‘izgina Yaratgan parvardigorimizgagina ayon. Bu hol ayniqsa xasta va zaif, bemor chog‘larimizda yaqqol bilinadi", — deyiladi sahifadagi matnda.
Muhammad Ismoil shuningdek, barchani Abdulla Oripovga atab duo qilishga chorladi.
"Kelinglar, bugun mana shunday bemor bo‘lgan buyuk ustozimizni, o‘z she’rlari bilan yuragimizda bir umr mash’ala yoqib kelgan, ongimizda inqilob tuyg‘usini uyg‘otgan, o‘zbekday buyuk xalq kim ekanligini tanitgan, millat degan qutlug‘ kalom nima ekanligini anglatgan alloma shoirimizni duo qilaylik. Ishonaman, mening, sizning, har birimizning shu aziz insonga atab chin dildan qilgan duo-yu iltijolarimiz albatta ijobat bo‘ladi.
Iloho ustozimizning umrlari uzoq bo‘lsin, shifo-yu komil topib tez orada eson-omon, sog‘ salomat, o‘ynab-kulib bag‘rimizga qaytib kelsinlar! Hali ko‘pgina asarlar yozib adabiyotimiz osmonini yanada yorqinroq, fayzliroq, go‘zalroq bo‘lishida o‘z xissasini qo‘shaversinlar. Birgina so‘z bilan bo‘lsa ham ulug‘ ustozimizni duo qilishingizni o‘tinib, yolvorib so‘rayman. Yaratgan yagona Ollohim! Ulug‘ ustozimizning umrini uzoq qil!", deb yozadi u.