TOShKENT, 5 noya – Sputnik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha tuzilgan maxsus ishchi guruh faoliyati doirasida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etdi, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati. Mazkur uchrashuvlar Savdo-sanoat palatasi hamda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.
Tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan muammolarni va mavjud huquqiy bo‘shliqlarni aniqlash, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha takliflarni yig‘ish va umumlashtirish, tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchrashuvlarning asosiy maqsadi bo‘ldi.
O‘tkazilgan uchrashuvlarda turli sohalarda faoliyat yuritib kelayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida ishtirokchilarga amaldagi qonunchilik meyorlari tushuntirildi, shuningdek tadbirkorlar o‘rtasida anonim so‘rovnoma o‘tkazildi.
Hozirda Bosh prokuratura tomonidan tadbirkorlikning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni, keyinchalik ularni bartaraf etish maqsadida aniqlash borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
Shu munosabat bilan Bosh prokuratura barcha tadbirkorlarga biznes yuritishning normativ-huquqiy va tashkiliy-amaliy asoslarini takomillashtirish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishga oid fikrlarini bildirishlarini taklif etdi.
Tadbir yakuniga ko‘ra tadbirkorlar tomonidan qayd etilgan muammolarning ro‘yxati tuzilib, ular tarmoqlar va sohalar bo‘yicha tizimlashtirildi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha tahlillar amalga oshirilmoqda hamda takliflar ishlab chiqilmoqda.