TOShKENT, 4 noya — Sputnik. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mazkur moda haftaligi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.
O‘zbekiston libos dizaynerlarining ijod namunalari, nafis va betakror milliy matolarimiz xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan moda namoyishlarida yuksak e’tiborga sazovor bo‘lmoqda. Moda haftaligida Italiya, Polsha, Latviya, Xitoy, Janubiy Koreya, Kuvayt kabi davlatlardan mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda.
Yosh dizaynerlar namoyishi moda sohasida izlanayotgan yigit-qizlar uchun o‘z salohiyati, ilk ijodiy qadamlarini namoyish etish uchun qulay imkoniyat bo‘lsa, mualliflik ko‘rigida yurtimiz va xorijning mohir dizaynerlarining eng yaxshi kolleksiyalaridan bahramand bo‘lish mumkin. Haftalik tadbirlaridagi kolleksiyalarni tomoshabinlar e’tiboriga havola etishda yurtimizning barcha hududlaridan yoshlar ishtirok etadi.
Mahalliy va xorijiy moda mutaxassislarining mahorat saboqlarida yosh dizaynerlarning didini yuksaltirish, ko‘rkam liboslar yaratish, ularni keng omma e’tiboriga havola etish jarayoniga to‘g‘ri yondashuvni shakllantirish kabi jihatlarga katta ahamiyat qaratiladi. Haftalik dasturidan o‘rin olgan Milliy libos festivali mamlakatimiz dizaynerlik sohasida izlanayotgan iste’dodlarga boy ekanini ishtirokchilariga yana bir karra namoyon etadi.