TOShKENT, 4 noya — Sputnik. 2016-yil 3-noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev telefon orqali muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevni respublika prezidentligiga nomzodi ilgari surilgani bilan tabrikladi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati xabariga ko‘ra esa Mirziyoyev va Nazarboyev o‘rtasida suhbat konstruktiv,ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari ruhida o‘tgan.
"Muloqot chog‘ida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Tomonlar turli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik subyektlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida erishilgan o‘zaro kelishuvlar hayotga izchil tatbiq qilinayotganidan mamnuniyat bildirdilar", — deyilgan xabar matnida.
Ta’kidlanishicha, Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ayrim muammolarni ham muhokama qilib, tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan maslahatlashuvlarni davom ettirish zarurligini ta’kidlaganlar.