TOShKENT, 2 noya – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga O‘zbekiston XDPdan ko‘rsatilgan nomzod Hotamjon Ketmonov Toshkent viloyatidagi saylovchilar bilan uchrashdi. Bu haqda partiyaning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Onlayn video-konferensiya shaklida o‘tkazilgan uchrashuv bir vaqtning o‘zida Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlaridagi olti mingga yaqin saylovchilarni qamrab oldi.
Hotamjon Ketmonov saylov – xalqning xohish-irodasini ro‘yobga chiqarishning oliy ifodasi, davlat hokimiyati organlarini demokratik tarzda tashkil etishning asosi ekanini alohida ta’kidladi va o‘z saylovoldi dasturining mazmun-mohiyati haqida gapirib o‘tdi.
Nomzod dastur O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining Parlamentdagi ko‘pchilik – demokratik kuchlar Blokiga nisbatan o‘zini muxolifat deb e’lon qilgani, buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g‘oyalarga asoslanishini bildirdi.
Dasturda aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta’minlangan qatlamining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash, eng kam iste’mol xarajatlari (iste’mol savatchasi) standartlarini belgilashning asoslangan va zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda joriy qilish ko‘zda tutilgan.
Nomzodning aytishicha, aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish tariflarining davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar narxlarini maqbullashtirish, aholi bandligini ta’minlashning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, ish o‘rinlarini tashkil etish dasturining so‘zsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish muhim masalalardandir.
Uchrashuv so‘ngida saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.