TOShKENT, 2 noya — Sputnik. Davlat qoralovchisi suddan tulalik besh kishi, shu jumladan uch nafar bolakay qotilligida ayblanayotgan o‘zbekistonlikni bir umrga ozodlikdan mahrum etishni so‘radi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti Tula viloyati prokuraturasiga tayangan holda.
O‘zbekistonlik 30 yashar Sirojiddin Sheraliyev ustidan sud Tulada joriy yilning 8-iyunida boshlangan edi. Prokuratura iltimosnomasi bilan Sheraliyev ustidan V.P.Serbskiy nomli institutda ruhiy-psixiatrik ekspertiza o‘tkazildi va buning natijasida, ayblanuvchi ruhan sog‘lom deb topildi.
"2 noyabr kuni Tula viloyat sudida davlat qoralovchisi — viloyat prokurori Aleksandr Kozlov suddan Sheraliyevga maxsus rejimli koloniyada o‘taladigan umrbod qamoq jazosi tayinlanishini so‘radi", — deyiladi xabar matnida. Bundan tashqari, davlat qoralovchisi suddan Sheraliyevdan yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash uchun 3,5 million rubl undirishni so‘ramoqda.
Navbatdagi sud majlisi 11-noyabrga belgilangan.
Huquq-tartibot organlari xodimlari Rossiyada noqonuniy yashab yurgan O‘zbekiston fuqarosini qotillikda gumonlab qo‘lga oldi.
Sheraliyev Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining to‘rt moddasi bo‘yicha ayblanmoqda. U sodir etgan jinoyati uchun umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.