TOShKENT, 1 noya – Sputnik. "O‘zbekoziqovqatzaxira" uyushmasi raisi Zafar Fayziyevning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 2016-2017 yil qish-bahor mavsumi uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 660 ming tonnalik zaxirasini yaratish choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda uz.24.uz xabar berdi. Bular sirasiga 175 ming tonna kartoshka, 139 ming tonna piyoz, 46 ming tonna boshqa sabzavotlar, 105,8 ming tonna meva kiradi.
Xabarda aytilishicha, 2011-2016 yillarda umumiy sig‘imi 68 ming tonnaga teng bo‘lgan 50 dan ziyod sovutgichli kameralar foydalanishga topshirildi.
"Namanganulgurjisavdoinvest", "Qashqadaryotijoratsavdo" jamiyatlaridagi har biri 3 ming tonnalik, "Bekobodgo‘shtsutsavdo"dagi 2 ming tonnalik, "Farg‘onago‘shtsutsavdo"dagi 4,2 ming tonnalik omborlar shular jumlasidandir. Uyushma korxonalari va shaharlarda jamg‘arilgan 330 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mazkur omborlarda sifatli saqlanib, qish-bahor oylarida ichki bozorga yetkazib berilmoqda.
2016-2020 yillarda esa 325 ming tonnalik sovutgichli zamonaviy omborxonalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan davrida karam, gilos, pomidor, bodring, sabzi, ko‘kat, quritilgan meva kabi mahsulotlar Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Xitoy va boshqa davlatlarga eksport qilindi.
"O‘zbekoziqovqatzaxira" mutaxassislari o‘tkazgan monitoring natijalariga ko‘ra, tashqi bozorda quritilgan mevalar, meva-sabzavotlar puresi va konsentrati, konserva mahsulotlariga talab nisbatan yuqoriligi aniqlandi. Shunga ko‘ra 23 istiqbolli loyiha tayyorlandi. Hozirda Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida umumiy qiymati 8 million dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirilib, mevalarni saralash, qayta ishlash va qadoqlash uskunalarini keltirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Zafar Fayziyevning aytishicha, joriy yilning o‘tgan davrida Termiz shahri, Denov va Zomin tumanlarida yirik supermarketlar ishga tushirilgach, uyushma tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan firma do‘koni, minimarket va supermarketlar 5 mingdan oshdi.