TOShKENT, 1 noya – Sputnik. Bugun Toshkentga Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha burosi (DIIHB)ning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari Yoxan Peter Traugott Teyler keldi. Bu haqda nuz.uz xabar berdi.
Teylerning missiya rahbari sifatidagi vazifalari missiya ishini nazorat qilish, shu jumladan davlat idoralari, saylov o‘tkazish bo‘yicha organlar, saylov jarayoni boshqa ishtirokchilari bilan aloqalar o‘rnatish va mustahkamlash, shuningdek missiyaning oraliq, dastlabki va yakuniy hisobotlari tayyorlanishini ta’minlashdan iboratdir.
YeXHT DIIHBning saylovni kuzatish bo‘yicha missiyasi tarkibiga asosiy guruh bilan birga 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar, shuningdek ovoz berish kuni saylov uchastkalarida kuzatuvni amalga oshiradigan 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilar kiritilgan.
O‘zbekistonga kelishi 5-noyabrga rejalashtirilgan uzoq muddatli kuzatuvchilarning vazifalari saylov jarayonining turli bosqichlarini mintaqalarda kuzatish va missiya ishtirokchilariga mamlakatda nima bo‘layotganligi haqida to‘laqonli axborot taqdim qilishdan iborat. Uzoq muddatli kuzatuvchilarning faoliyati DIIHBga mintaqalardagi kuzatuv natijalarini inobatga olgan holda saylov jarayoni haqida to‘laligicha hisobot tuzish imkonini beradi.
Qisqa muddatli kuzatuvchilarning vazifalari ularga biriktirilgan hududda saylov kuni kuzatuvni amalga oshirish, shuningdek o‘z xulosalari haqida aniq va to‘laligicha missiyaning bosh qarorgohiga xabar berishdan iboratdir. Yetarli miqdorda qisqa muddatli kuzatuvchilarni joylashtirish DIIHBga butun mamlakat bo‘yicha statistik jihatdan ko‘proq saylov uchastkalarini qamrab olish imkonini beradi. Qisqa muddatli kuzatuvchilar joriy yilning 2-dekabridan 6-dekabrigacha faoliyat yuritishi nazarda tutilgan.
Saylovni kuzatish bo‘yicha to‘laqonli missiya Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan hamda O‘zbekiston xalqaro standartlarga muvofiq mazkur muhim siyosiy tadbirni ochiq va oshkora o‘tkazishga tayyorligini e’tiborga olib mamlakatga ilk marotaba yuborilmoqda.