TOShKENT, 18 sen – Sputnik. Markaziy Saylov komissiyasi (MSK) Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti vakillarini O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovini kuzatish uchun taklif qildi, deb xabar qilmoqda MSK matbuot xizmati.
“Biz YeXHTga diplomatik kanallar orqali rasmiy taklifnoma yubordik. Agar ular kuzatish missiyasi yuborsa – ularga xalqaro kuzatuvchi statusi beriladi”, — dedi MSK vakili.
O‘zbekiston birinchi prezidenti islom Karimov 2-sentabr kuni, 78 yoshida vafot etdi. Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Shavkat Mirziyoyev tayinlandi.
Markaziy Saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov xabariga ko‘ra O‘zbekiston prezidenti saylovi 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston prezidenti sayloviga xalqaro kuzatuvchilarni taklif qilish 23 noyabrgacha davom etadi. 2015-yilning 29-martida bo‘lib o‘tgan saylovlarga YeXHT kuzatuvchilarning cheklangan missiyasini yuborgan edi. Saylovlarni dunyoning 43 mamlakatidan 300ga yaqin xalqaro kuzatuvchilar kuzatishgan edi. Ular orasida MDH, YeXHT, ShHT, IHT va Umumjahon saylov organlari vakillari ham bor edi.