Toshkentda ommaviy diktant yozish aksiyasi bo‘lib o‘tdi

© Sputnik / Aleksandr Krajev / Mediabankka o‘tishDiktant yozish
Diktant yozish - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Aksiyada 100dan ortiq ishtirokchilar o‘z bilimlarini sinab ko‘rdilar

TOShKENT, 1 noya – Sputnik. O‘zbekiston poytaxtida xohlovchilar ishtirokida o‘zbek tili bo‘yicha ommaviy diktant aksiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Jahon” axborot agentligi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, "UZINFOCOM" markazi, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va boshqa qator muassasalar tashkilotchiligidagi mazkur aksiya aholi, ayniqsa yoshlar orasida yozma savodxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish hamda o‘zbek tili ta’limini takomillashtirish maqsadida o‘tkazildi.

— Tadbir o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 27-yilligi munosabati bilan o‘tkazildi, — deydi "UZINFOCOM" markazi matbuot kotibi Zumrad Shojalilova. — Mazkur aksiyada o‘zbek tilida yozishni biladigan istalgan yoshdagi kishilar ishtirok etdilar.

"UZINFOCOM"dagi manbaning ma’lum qilishicha, aksiyada 100dan ortiq ishtirokchilar o‘z bilimlarini sinab ko‘rdilar.

Total diktant aksiyasi - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekistonda Diktant.uz aksiyasi o‘tkaziladi

Aksiya bir vaqtning o‘zida poytaxtning olti joyida o‘tkazildi. Ishtirokchilar O‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchilari tomonidan o‘qib berilgan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning "Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch" asarini tinglash orqali diktant yozdilar.

Har bir ishtirokchi o‘z natijasini www.diktant.uz sayti orqali bilib olishi mumkin.

Aksiyada litsey, kollej va oliygohlar talabalari, turli tashkilot va muassasalar vakillari qatnashdilar.

— Oliygohni bitirib ta’lim tizimida ish olib borish jarayonida savodxonligim qay darajada ekanligini bilish uchun qatnashdim, — deya taassuroti bilan o‘rtoqlashdi Aziza Abduqodirova. – Hammasi yuqori darajada tashkillashtirilgan. Bunday tadbirlar muntazam o‘tkazib turiladi deb umid qilaman.

Yangiliklar lentasi
0