Saylovoldi tashviqotida OAVga qo‘yiladigan talablar aytib o‘tildi

© Sputnik / StringerSaylov plakati
Saylov plakati - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborot haqiqatga mos bo‘lishi, nomzodlar va siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak

TOShKENT, 31 okt – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida videokonferensaloqa shaklida “Ommaviy axborot vositalari va saylovoldi tashviqoti” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi, deb ma’lum qilinadi respublika markaziy saylov komissiyasi saytida.

Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishi - Sputnik O‘zbekiston
Markaziy saylov komissiyasi seminar treninglar tashkil etadi

Shu yilning 28-oktabridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylovoldi tashviqoti boshlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga asosan saylovoldi tashviqoti olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta’minlanadi. Nomzodlarga davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni, nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.

Seminarda saylovoldi kampaniyasida ommaviy axborot vositalari nomzodlar uchun oshkoralik va ochiqlik muhitini yaratishga ko‘maklashishlari va ular bilan bog‘liq har qanday ochiq axborotni tezkorlik bilan, haqqoniylik, tenglik va xolislik asosida tarqatishlari talab etilishi ta’kidlandi.

Axborot dasturlari va boshqa axborot materiallarida nomzodlarning saylovoldi faoliyatini yoritib berishda ommaviy axborot vositalari teng sharoitlar, shu jumladan dasturning davomiyligi va hajmi bo‘yicha teng sharoitlar yaratib berilishini ta’minlaydi.

Bunda pulli efir vaqtini yoki chop etish maydonini ajratish bilan bog‘liq munosabatlar ommaviy axborot vositalari va siyosiy partiyalar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Seminarda ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan axborot haqiqatga mos bo‘lishi, nomzodlar va siyosiy partiyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerakligi aytib o‘tildi.

Saylovoldi tashviqoti o‘tkazish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Shu sababli Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalardan kelib tushgan taklif va istaklarni inobatga olib, har bir nomzodga o‘z saylovoldi dasturlarini aholiga yetkazish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” va “Yoshlar” tele- va radiokanallarida 638 daqiqadan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 12 ta hududiy telekanallarida 206 daqiqa, “Toshkent” teleradiokanalida 286 daqiqadan bepul efir vaqti ajratdi.

Matbuot - Sputnik O‘zbekiston
Partiya nashrlariga saylovoldi tashviqoti uchun cheklov qo‘yilmaydi

Nomzodlarga "Xalq so‘zi", "Narodnoe slovo" va "Pravda Vostoka" gazetalarida 6 sahifadan, "Nurli jol" va "Ovozi tojik" gazetalarida 5 sahifadan iborat nashr maydoni bepul beriladi. Bundan tashqari, hududlardagi 30 ta mahalliy gazetada har bir nomzod uchun 55,5 sahifa nashr maydoni bepul taqdim qilinadi.

Seminarda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Prezidentlik saylovlari 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Islom Karimovning vafotidan so‘ng Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan "Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan S. Otamuratov, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Sh. Mirziyoyev, Xalq demokratik partiyasidan H. Ketmonov, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan N. Umarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.

Yangiliklar lentasi
0