TOShKENT, 29 okt – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi, deb xabar berilmoqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi saytida.
Suhbat davomida tomonlar O‘zbekiston-AQSh munosabatlari o‘zaro hurmat va ishonch, bir-birining manfaatlarini inobatga olish tamoyillari asosida izchil, muvaffaqiyatli rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab, savdo, sarmoya va yuqori texnologiyalar sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka yuksak baho berdilar.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari ikki davlatning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladigan barcha istiqbolli yo‘nalishlarda sheriklik va hamkorlikni izchil mustahkamlab, kengaytirib borish uchun zarur imkoniyat va salohiyatga ega ekani qayd etildi.
AQSh delegasiyasi rahbari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sosial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarning, fuqarolik jamiyati asoslarini va demokratik qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan ulkan o‘zgarishlarning natijalarini yuksak baholadi.
Tomas Shennon o‘zbek xalqi boy tarixiy-madaniy va ma’naviy merosga ega ekaniga yana bir bor amin bo‘lganini alohida qayd etdi hamda yoshlar, turli diniy konfessiyalar va keng jamoatchilik vakillari bilan ochiq va samimiy suhbatlar, ularning ertangi kunga ishonchi, intiluvchanligi, qat’iyati va g‘ayrat-shijoati katta taassurot qoldirganini bildirdi.
AQSh Davlat kotibining o‘rinbosari O‘zbekiston milliy paralimpiya assosiasiyasiga ham tashrif buyurib, Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarni qo‘lga kiritgan sportchilarni tabrikladi.
Tomas Shennon samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, AQSh rahbariyati O‘zbekiston bilan serqirra munosabatlarni izchil va barqaror rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Suhbat davomida ikki va ko‘p tomonlama ahamiyatga ega boshqa dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.