TOShKENT, 29 okt – Sputnik. Toshkent shahar Mirobod tumani hokimiga haysan e’lon qilindi, yana bir mansabdor esa ishdan bo‘shatildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri virtual qabulxonasining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilindi.
"Toshkent shahar Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro E.Karavaykinadan issiqlik quvvati bilan ta’minlash masalasida kelib tushgan murojaatni ko‘rib chiqishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Mirobod tumani hokimi (Kadirov)ga hayfsan e’lon qilindi va "Toshissiqlikquvvati" ishlab chiqarish birlashmasi Mirobod tumani filiali rahbari (Muxammedov) egallab turgan lavozimidan ozod etildi", deyiladi sahifadagi xabarda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyovning virtual qabulxonasi shu yilning 24-sentabr kuni ishga tushgandi.
Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi qabulxona faoliyati bilan tanishtirib boruvchi sahifada ma’lum qilinishicha, virtual qabulxona faoliyati boshlangandan keyingi birinchi haftada o‘rtacha kundalik murojaatlar soni 1 000 tadan ortgandi, ikkinchi haftada o‘rtacha kundalik murojaatlar soni 2 000 tadan ortdi, uchinchi haftada esa o‘rtacha kundalik murojaatlar soni 3 000 tadan ortdi, to‘rtinchi hafta oxirida kundalik murojaatlar soni 4000 tadan ortdi. 22-oktabr kuni umumiy murojaatlar soni 70 mingdan ortdi.
25 oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Bosh vazir virtual qabulxonasi faoliyatining 1 oylik yakunlariga bag‘ishlangan majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining murojaatlarni ko‘rib chiqilayotganda sansalorliklarga yo‘l qo‘ygan qator mansabdor shaxslarga nisbatan choralar to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.