TOShKENT, 29 okt — Sputnik. 30-oktabr kuni Toshkentga O‘zbekiston-Hindiston muzokaralarida ishtirok etish uchun Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar davlat vaziri Mubashir Javed Akbar tashrif buyuradi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston TIV.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyunida Toshkentda O‘zbekiston raisligi ostida ShHT 15-sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda xususan, tashkilotning kelgusi rivojlanish va kengayish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, Hindistonning ShHTga qabul qilinishi jarayoni boshlandi.
Rossiyaning Xitoydagi elchisi Andrey Denisov Hindistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi ShHT geografiyasini keskin kengaytirishini hamda mazkur maydondagi muzokaralarga yangi xarakter berishini bildirdi.
ShHTga O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston kiradi. Belorussiya, Mongoliya, Hindiston, Eron, Pokiston va Afg‘oniston kuzatuvchi davlat maqomiga ega. 2015-yilda tashkilotga Hindiston va Pokistonning a’zo bo‘lish jarayoni boshlandi.