Ekspert: Rossiya va Xitoyning Markaziy Osiyo atrofida birlashishi AQSh uchun qo‘rqinchli tush

© Sputnik / Ruslan Krivobok / Mediabankka o‘tishDmitriy Abzalov
Dmitriy Abzalov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
AQSh bir vaqtning o‘zida yer yuzining bir nechta nuqtalaridagi harbiy to‘qnashuvlarda ishtirok etadigan holatda emas, deb hisoblaydi Strategik aloqalar markazi prezidenti Dmitriy Abzalov

Ekspertning fikricha, AQShning Suriya, Liviya, Iroq, Afg‘oniston, Lotin Amerikasi, Markaziy Osiyodagi faol harakatlari mamlakat budjeti uchun qimmatga tushishi mumkin, deb yozadi Sputnik Tojikiston.

— AQShning rostdan ham Markaziy Osiyo mamlakatlariga qiziqishi so‘nmoqdami yoki bu vaqtinchalik holatmi?

— Vashington Markaziy Osiyo mamlakatlariga bo‘lgan qiziqishini har doim ta’kidlab kelgan. Qirg‘izistondagi saylovlarda AQSh siyosiy doiralarining ishtirokini va amerikaliklarga energiya zaxiralari nuqtayi nazaridan qiziqish yuqori bo‘lgan O‘zbekistonni tilga olish mumkin. Va albatta, Afg‘oniston bilan chegaradosh Tojikistonni ham.

Rossiya prezidenti V. Putinning O‘zbekistonga tashrifi - Sputnik O‘zbekiston
OAV: AQSh Karimov vafotidan so‘ng Rossiya O‘zbekistonda o‘z ta’sirini kuchaytirishidan qo‘rqapti

— Lekin hozirda hududda Xitoy juda faollashdi, u Markaziy Osiyo davlatlariga jozibador iqtisodiy loyihalarni taklif qilmoqda…

— Shubhasiz. Rossiya va Xitoyning Markaziy Osiyo atrofida birlashishi AQSh uchun qo‘rqinchli tush kabidir. O‘z vaqtida amerikaliklar bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun bilvosita general Nazarzoda rahbarligida Tojikistonda davlat to‘ntarishiga urinishgandi.

AQSh bir nechta viloyatlarining hokimlari tojik bo‘lgan Afg‘onistonga doim qiziqish bildirib kelgan. O‘zbekiston Xitoy bilan faol hamkorlik qilmoqda, bu AQShni tashvishlantirmoqda, lekin ular hech narsa qila olishmayapti. AQSh hozircha Markaziy Osiyoga kirmaydi. Faqat tashqaridan ta’sir o‘tkazishga urinib ko‘radi. Hozirda ular uchun Nikolas Maduro rejimidagi muammolar bois Lotin Amerikasi muhimroq.

— Vashingtonda AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar sovuq urushdan qizg‘in qarama-qarshilikka aylanayotganini aytishmoqda. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi?

— Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashishi saylovoldi xarakteriga ega. Unutmang, tez orada nafaqat AQSh, balki Fransiya, Germaniyada ham saylovlar o‘tkaziladi. 2017-yilda yana Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llashni muhokama qilishga to‘g‘ri keladi.

Qarama-qarshiliklar AQShdagi prezidentlik saylovlariga qadar davom etadi. Lekin bir narsani aniq aytish mumkin – to‘laqonli to‘qnashuv bo‘lmaydi. Yadroviy to‘xtatib turish omili mavjud. Hech kim Ukraina yoki Suriyani deb Rossiya bilan jiddiy to‘qnashuvga bormaydi.

Yangiliklar lentasi
0